92-1-modda. Yo‘lovchining havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalari

O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksining 92-1-moddasiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 6-son, 247-modda) muvofiq yo‘lovchi havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalariga rioya etishi, havo kemasi komandirining yoki ekipaj aʼzosining havo kemasi komandiri nomidan bergan parvoz va havo kemasi ichidagi odamlar xavfsizligini, mol-mulk but saqlanishini, tashish shartnomasini ijro etish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish tartibi va imkoniyatini taʼminlashga doir farmoyishlarini bajarishi shart.

Yo‘lovchining havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Avitasiya maʼmuriyati tomonidan o‘rnatiladi.

* O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 29-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2416.

I bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
  • yo‘lovchi — havo transportida tashish shartnomasiga muvofiq havo kemasida tashilayotgan yoki tashilishi lozim bo‘lgan shaxs;
  • havo kemasi ekipaji — havo kemasi komandiri, uchuvchilar tarkibiga kiruvchi boshqa shaxslar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar.
  1. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining tashuvchilari tomonidan tashiladigan barcha yo‘lovchilar uchun majburiydir.

II bob. Yo‘lovchining havo kemasi ichidagi yurish-turishi

  1. Havo kemasi (bundan buyon matnda HK deb yuritiladi) ichida yo‘lovchi quyidagilarni bajarishga majburdir:
  • mazkur Qoidalarni, HK komandirining yoki ekipaj aʼzosining havo kemasi komandiri nomidan bergan parvoz va HK ichidagi odamlar xavfsizligini, mol-mulk but saqlanishini, tashish shartnomasini ijro etish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish tartibi va imkoniyatini taʼminlashga doir farmoyishlarini bajarishga;
  • HK sahnida uchish taloniga, shuningdek zarur bo‘lgan hollarda parvoz xavfsizligini taʼminlash maqsadida HK ekipaji aʼzolarining ko‘rsatmasiga muvofiq joylashishga;
  • yuklarini maxsus ajratilgan joylarga joylashtirishga;
  • “Kamarlarni taqish” tablosi yoqilishi bilan xavfsizlik kamarini taqishga va u o‘chmaguncha yechmaslikka.
  1. Yo‘lovchi HK ichida quyidagilarni amalga oshirishi taqiqlanadi:
  • giyohvand moddalarni, tamaki mahsulotlarini (nosvoy va boshqalarni ham) isteʼmol qilishi, shuningdek elektron sigaretlardan foydalanishi;
  • tashuvchi tomonidan isteʼmol qilish uchun taklif qilingan belgilangan meʼyordan tashqari, shuningdek boj olinmaydigan savdo do‘konlaridan sotib olingan alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilishi;
  • uchuvchilar kabinasiga kirishi;
  • HK ekipaji aʼzolarining xizmat vazifalarini bajarishlarida ularga to‘sqinlik qilishi yoki ularning ishlariga aralashishi;
  • HKning yurish, ko‘tarilish, va qo‘nish vaqtida elektron va aloqa vositalaridan foydalanishi, jumladan HK bortida turib fotosuratga va video tasvirga olishi; (4-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2016 yil 8 yanvardagi 67-N-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2416-1, 12.01.2016-y.) tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 2-son, 17-modda);
  • HKning mol-mulkini (pledlar, yostiqlar, idish-tovoqlar, oshxona jihozlari, elektron vositalar, qutqarish nimchalari va boshqalarni) olib ketishi va shikastlashi;
  • jamoat tartibini buzishi va zaruratsiz atrofdagilarni bezovta qilishi;
  • HK ekipaji aʼzolarining tegishli ko‘rsatmalarisiz avariya-qutqaruv jihozlarini ishlatishi;
  • HK ekipaji aʼzolarining ruxsati yoki ko‘rsatmalarisiz boshqa joylarga o‘tirishi.
  1. HK ichidagi yurish-turish qoidalari yo‘lovchi tomonidan parvoz xavfsizligiga tahdid tug‘diradigan yoxud shaxslarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga va mol-mulkiga tahdid tug‘diradigan tarzda buzilsa, u bilan tuzilgan tashish shartnomasi tashuvchi tomonidan tashish yo‘nalishining istalgan manzilida bekor qilinishi mumkin.

III bob. Yo‘lovchining huquqlari

  1. Yo‘lovchi HK ekipaji aʼzolaridan tashish shartnomasi shartlarida belgilangan xizmatlarning ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir.
  2. Yo‘lovchi jamoat tartibini buzayotgan, o‘zini yoki boshqa shaxslarni zaruriyatsiz bezovta qilayotgan hamda shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan, mol-mulkiga yoki sog‘lig‘iga yoxud hayotiga tahdid tug‘dirayotgan yo‘lovchiga taʼsir ko‘rsatish talabi bilan HK ekipaji aʼzolariga murojaat qilish, shuningdek xuddi shunday harakatlar qilayotgan HK ekipaji aʼzolari ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq yo‘lovchi boshqa huquqlarga ham egadir.

IV bob. Yakuniy qoidalar

  1. Mazkur Qoidalar talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.